O’zR Oliy va O’rta maxsus ta’lim vazirligida uchrashuv

2019 yil 20-dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy va O’rta Maxsus Ta’lim Vazirligida Erasmus + dasturining “RUECVET: ECVET – kasbiy ta’lim uchun Evropa kredit tizimini Rossiya va O’zbekiston milliy kasb-hunar ta’limi tizimlarida sinab ko’rish” loyihasining natijalari bo’yicha rasmiy uchrashuv bo’lib o’tdi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi kasb-hunar  ta’limi bo’yicha Vazir o’rinbosari Xolmuxamedov M.M. qabulida shuningdek,  vazirlik huzuridagi Pedagogik innovasiyalar, kasb-hunar ta’limi  boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti rahbarlari va o’qituvchilari ishtirok etdilar.

RUECVET loyihasining milliy koordinatori Tureniyazova A.I. loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar bo’yicha hisobot berdi va natijalarning barqarorligini ta’minlash rejalari to’g’risida gapirib berdi. Vazirlikka, loyihaning O’zbekistonlik sheriklarning jamoaviy ishi natijasi – “ECVETni oliy va kasb-hunar ta’limi milliy tizimiga joriy etish bo’yicha tavsiyalar” Hisoboti taqdim etildi.

                      

Vazirlik ta’kidlaganidek, respublikaning kasb ta’limi sohasidagi innovatsiyalar sifatida ilg’or Evropa tajribasiga asoslangan kredit-modul o’qitish tizimining joriy etilishi Prezidentning 2019 yil 6 sentyabrdagi 5812-sonli “Kasb ta’limi tizimini yanada takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Farmonida belgilangan siyosat vazifalarini amalga oshirishda muhim qadamdir. RUECVET loyihasining tajribasini keng yoyish va kasbiy ta’lim va o’qitish sohasini rivojlantirish bo’yicha ishlar davom ettirilishi kerak.

Birgalikdagi harakatlar to’g’risida kelishuvga erishildi. Xususan, “Respublika xotin-qizlarining 100 ta eng yaxshi innovasion loyihalari” tanlovida ishtirok etib, Qoraqalpoqston bosqichidan o’tib, finalga qadar etib borgan A.I. Tureniyazovaning “Respublika kasb-hunar ta’limi tizimi xodimlariga ECVET (Kasb-hunar ta’limi uchun Evropa kredit tizimi) metodikasini o’rgatishni tashkil etish” loyihasiga Vazirlik tomonidan Tavsiya berildi.